Yangiliklar

JDU rahbariyati va Yoshlar ittifoqi o'rtasida talabalar manfaati yo‘lidagi konstruktiv muloqot bo'lib o'tdi.

2026-02-03 11:12
JDU rahbariyati va Yoshlar ittifoqi o'rtasida talabalar manfaati yo‘lidagi konstruktiv muloqot bo'lib o'tdi.

2026-yil 3-fevral kuni Japan Digital University (JDU) da Yoshlar ittifoqi a’zolari hamda universitet rahbariyati o‘rtasida uchrashuv o'tkazildi. Tadbir talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va o'quv jarayonidagi masalalarni o'rganish maqsadida tashkil etildi.

Uchrashuvda universitet rektori R.I. Mamajonov, yaponiyalik mutaxassislar va tegishli bo'lim boshliqlari ishtirok etishdi. Talabalarning murojaat va takliflari asosida qator amaliy qarorlar qabul qilindi:

  • Shart-sharoitlarni yaxshilash: Talabalar uchun yotoqxona sharoitlari qayta ko'rib chiqilib, ular yanada kengroq binoga qaytarildi hamda kovorking markazidagi mebellar yangilanib ta'mirlandi.
  • Ta'lim sifatini oshirish: IT darslari (xususan C++ va Python) bo'yicha o'quv dasturlarini chuqurlashtirilgan va amaliyotga yo'naltirilgan tarzda o'qitishga kelishib olindi. Kiberxavfsizlik yo'nalishiga maxsus yaponiyalik mutaxassis jalb etildi.
  • Xalqaro amaliyot va safarlar: Yaponiyaga rejalashtirilayotgan mukofot safarlari (internship) dasturlarining shartlari ochiqlandi va xohlovchilar uchun o'z mablag'i hisobidan qo'shimcha imkoniyatlar yaratilishi ko'rib chiqilmoqda.
  • Til o'rganish: Yapon tili suhbat darslarida (Kaiwa) talabalarni darajalariga qarab kichik guruhlarga bo'lish davom ettiriladi va darslar soni yanada oshiriladi.


Rektor R.I. Mamajonov barcha asosli takliflarni qo'llab-quvvatlab, mas'ul bo'limlarga muammolarni zudlik bilan hal etish bo'yicha ko'rsatmalar berdi. Shuningdek, talabalar muammolarini doimiy nazorat qilib borish uchun bunday majlislarni har oy muntazam ravishda o‘tkazish belgilandi.