Hurmatli talabalar, ustozlar va universitet jamoasi!
Har yili 9-may sanasi yurtimizda Xotira va Qadrlash kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu sana – nafaqat Ikkinchi jahon urushi qurbonlarini, balki yurtimiz tinchligi, osoyishtaligi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan barcha ajdodlarimizni chuqur hurmat bilan yod etadigan muqaddas kunlardan biridir. Tarixga nazar Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixidagi eng dahshatli urushlardan biri bo‘lib, unda millionlab insonlar halok bo‘lgan, ko‘plab oilalar iztirob chekkan. O‘zbekiston xalqidan ham yuz minglab yigit-qizlar frontga otlanib, mardlik va jasorat ko‘rsatgan. Minglab insonlar orqada – mehnat frontida zahmat chekib, g‘alabaga o‘z hissasini qo‘shgan. Bugun biz ularning ruhini yod etish, sabr-toqat, mardlik va Vatanga sadoqat namunalaridan ibrat olishimiz lozim. Qadrlash — farzandlik burchimiz Xotira va qadrlash – bu faqatgina bir kunlik ehtirom emas. Bu — o‘tganlarni unutmaslik, tirik faxriylarimizni e’zozlash, yosh avlodni milliy qadriyatlar va tarixiy xotira asosida tarbiyalash demakdir. Universitetimiz jamoasi ham bu borada o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda: faxriylar bilan uchrashuvlar, esdalik darslari, vatanparvarlik tadbirlari muntazam o‘tkazilmoqda. Yod etamiz, faxrlanamiz, qadrlaymiz Universitet jamoasi nomidan urush qatnashchilari, mehnat fronti fidoyilari va ularning avlodlariga chuqur minnatdorchiligimizni bildirgan holda, barcha vatandoshlarimizni 9-may — Xotira va Qadrlash kuni bilan samimiy tabriklaymiz. Yurtimizda doim tinchlik, baraka va taraqqiyot bo‘lishini tilaymiz.