Yangiliklar

🌏 IT Park Uzbekistonning Tokioda vakillik ofisi ochildi

Yaponiya poytaxti Tokio markazida IT Park Uzbekistonning vakillik ofisining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida IT sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yanada kengaytirish maqsadida tashkil etildi.

Vakillik ofisini ochishning asosiy maqsadi — Yaponiya kompaniyalari bilan IT autsorsing, investitsiya va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, IT Park’ning imkoniyatlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot berish hamda Yaponiya bozoridagi biznes hamkorlar uchun ishonchli aloqa nuqtasini yaratishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhsin Abdurahmonov hamda Digital Knowledge kompaniyasi Boshqaruv kengashi raisi Haga Hiroaki tomonidan Yaponiya bilan hamkorlik orqali texnologik salohiyatni kengaytirish imkoniyatlari va vakillik ofisi bo‘yicha qutlov so‘zlari yo‘llandi.

Marosim doirasida IT Parkning Yaponiya bozoridagi rejalari, IT xizmatlari, soliq imtiyozlari va kadrlar tayyorlash dasturlari haqida taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, IT Park hamda “Digital Knowledge” kompaniyasi o‘rtasida vakillik ofisining faoliyatini birgalikda yo‘lga qo‘yish, Yaponiya kompaniyalari bilan bog‘lanish va ularni O‘zbekistonning IT bozoriga jalb qilishda hamkorlik qilish nazarda tutilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Marosimning yakuniy qismida “Trusted Corporation”, “Agekke”, “JETRO”, “Toppan Digital” kabi IT Park’ning hamkorlari bilan davra suhbati tashkil etildi. Bu muloqotda "O‘zbekiston va Yaponiya IT kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari” mavzusida ochiq fikr almashildi. Yapon ishtirokchilar tomonidan bildirilgan yuqori qiziqish ikki mamlakat o‘rtasidagi IT sohasidagi istiqbolli hamkorlikka bo‘lgan qiziqishni yaqqol namoyon etdi.

IT Park’ning Tokio shahridagi vakillik ofisi Yaponiya kompaniyalari uchun ishonchli aloqa nuqtasi, rezident kompaniyalar uchun esa yangi hamkorlik eshigi vazifasini bajarishi kutilmoqda. Ushbu tashabbus ikki mamlakat o‘rtasidagi IT, ta’lim va innovatsiya sohalaridagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun:

“Digital Knowledge” kompaniyasi 2007-yilda tashkil etilgan bo‘lib, asosiy faoliyat turi IT xizmatlari, IT ta’lim, kompaniyalarni IT iqtidorlari bilan ta’minlash hisoblanadi. O‘zbekistondagi “Japan Digital University”ning ta’sischisi hisoblanib, bugungi kunda universitetda 620 ta talaba IT sohasi bo‘yicha ta’lim olish bilan bir qatorda yapon tilini ham o‘rganmoqdalar.