"Oliy taʼlim sohasida Yaponiya bilan hamkorlik aloqalari yanada kengaymoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyidagi Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida mamlakatimizda bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugun, 24-iyul kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bilan Yaponiyada joylashgan "Digital Knowledge Co., Ltd.," kompaniyasi o‘rtasida Yaponiya raqamli universitetini tashkil qilish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan olib borilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan onlayn muloqot tashkil etildi.
Unda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri o‘rinbosari U.Begimqulov, O‘zDJTU Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori A.Abidjanov va Qo‘shma taʼlim dasturlari bo‘limi boshlig‘i X. Yuldashev hamda "Digital Knowledge Co., Ltd.," kompaniyasi prezidenti janob Haga Hiroaki va kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Yaponiya raqamli universitetini tashkil qilish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar muhokama qilindi. Yaponiya tomoni mazkur universitetni tashkil etish maqsadida dastlabki bosqichda 1,0 mln. AQSH dollariga yaqin miqdorda investitsiya kiritishini ma'lum qildi.
Mazkur mablag' universitetni joylashtirish uchun ajratilgan xonalarni zamonaviy dizayn asosida ta'mirlash va jihozlash, o‘quv adabiyotlari bilan ta'minlash, har bir talabaga sovg'a sifatida bittadan noutbuk ajratish uchun sarflanishini bildirildi.
Tomonlar universitet faoliyatining tashkiliy-huquqiy masalalari, jumladan Vasiylik kengashi ishi hamda qabul jarayonini tashkil qilish bo‘yicha qo'shimcha onlayn maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib oldilar."
Batafsil: https://t.me/eduuz/2858